Noo’rin haqdorlik hissi

26 Oct 2023

Fletcher

Men Namangandagi ‘Dombit’ ingliz tili kursida 2 yil davomida ingliz tilidan ko’ra ko’proq tarbiyani o’rgangan ekanman. 100% g’urur va noo’rin haqdorlik hissi bilan kirib 0% bilan chiqib kelganman. Bu haqida balki keyinchalik batafsil aytib berarman. Jahongir Rahmonov ham o’sha yerda o’qigan, balki bir podcast qilarmiz shu mavzuda :) Qisqa qilib aytsam “Whiplash” kinosiga o’xshash xolatni boshdan kechirganman.

Agar dasturchi sifatida (va albatta inson sifatida) o’smoqchi bo’lsangiz va kelajakda katta maqsadlarga erishmoqchi bo’lsangiz, g’urur va noo’rin haqdorlik hislarini chetga surib qo’ying.

G’urur odamni o’zini kamchiliklarini tan olishga to’sqinlik qiladi. G’urur odamni savol so’rab izlanishdan to’xtatadi. Gu’rur odamni boshqalardan yordam so’rab chiqishdan to’xtatadi. Hamma tez-tez xato qilib turadi. G’urur odamni kechirim so’rab xatosini tan olishdan to’xtatadi. Tanqid biz uchun juda foydali, u biz ko’rmagan xatolar va nuqsonlar ustida ishlashga yordam beradi. G’urur esa tanqidni to’g’ri qabul qilishimizga to’sqinlik qiladi.

Ko’pchiligimizda noo’rin haqdorlik hissi mavjud. Esda tuting hech kim sizga hech nima majbur emas. Shuni tushunib yetsak, o’ylaymanki biz bir-birimizga ko’proq xurmat bilan muomala qilamiz. Ko’proq raxmat deymiz chunki bilamiz o’sha odam bizga majbur bo’lmasada yordam berdi.