Kvartiradoshlar mafiasi
08 Jan 2023
2014 yil: 5ta kvartiradoshlar Toshkent shaxrida kichik bir kvartirada yashashni boshlashdi.
2023 yil: 3tasi Googleda, 1tasi Microsoftda, va yana biri Amazonda ishlaydi.
Men o’sha bollardan biri bo’laman va bu narsa qanday sodir bo’lganini bugun sizlarga so’zlab beraman.
Men uchun dasturlash 2014 yilda universitetni 1chi kursida jiddiy boshlangan.
Sherali Obidov (hozirda Googleda) bilan Westminsterda tanishganmiz. Ular 3chi kursda, men esa 1chi kursda o’qir edik.
Ularni ukalariga ingliz tili mentor kerak edi, menga esa dasturchi mentor kerak edi. Men ukalariga ingliz tili o’rgatishni boshladim, ular esa menga dasturlashni — win-win.
Shunday qilib men dasturlashga sho’ng’ib ketdim. Yozda Sherali akani kvartirasiga ko’chib o’tdim.
U yerda Jakhongir Rahmonov (hozirda Amazonda), Farruh Habibullaev (hozirda Googleda), va Bakhodir Boydedayev (hozirda Microsoftda) bilan tanishdim. Hammamiz bakalavrda o’qir edik va hamma dasturlashga ishtiyoqi juda baland edi.
Hamma kunni 90%ni dasturlash bilan o’tkazardi. Bir-birimizdan so’rardik, bir-birimizga yordam berardik, bir-birimiz bilan eng “zo’r” dasturlash tili ustida baxslashardik, va har-doim biror narsa o’rganayotgan/qurayotgan edik.
Agar do’konga chiqish kerak bo’lmasa, bazida kvartiradan chiqmay kunlab qolib ketardik. Bizni learning curveimiz hech qachon bunchalik baland bo’lmagan.
Java dasturlash tilini shunday qattiq o’rganganimizdan har birimiz tirik java compilerga aylangan edik. Siz bizga har qanday java kod bersangiz, uni run qilganda nima bo’lishini nuqtasidan-nuqtasigacha aytib berar edik.
Moliyaviy xolatimiz uncha zo’r bo’lmagan. Rollton. Perashka. Somsa. Piyoda. Avtobus. Metro. Ijara. Ko’pchilik kontrakt to’lar edi va hattoki uydagilariga ham yordam berardi. Qiyin vaqtlar bo’lgan bo’lsada hammamiz shu vaqtlarni tabassum bilan eslaymiz.
Oramizda hech kim dasturlashni pul uchun boshlamagan. Lekin, baxtimizga dasturlash sarmoyador karyera bo’lib chiqdi va hayotimiz juda tez juda yaxshi bo’lib ketdi. $0 -> $100 -> $300 -> $500 -> $1k -> $2k -> $3k -> $FAANG.
Ko’p dasturchilar kabi, bizda ham o’sha orzu bor edi: FAANGda ishlash. Bu ozruga yetishish uchun uzimiz ustimizda yanada ko’proq ishlashimiz kerakligini bilar edik. Algo/DSga fokus qilishni va o’z soxamizda top dasturchi bo’lishga harakat qildik.
Lekin buni o’zi yetarli emas edi. FAANG kompaniyalar afsuski O’zbekistondan dasturchilarni interviewga chaqirishmas edi (hozir bu vaziyat sal o’zgargan).
Shu sababli hammamiz sekin-sekin Amerika va Yevropaga relokatsiya qildik va ketma-ket ozruimizga yetishdik.
Xulosa: Muhit.