Hammasi Toptal haqida
25 Dec 2021
[Inglizcha versiyasini bu yerda o’qishingiz mumkin]
Kirish #
Toptal Freelance Community haqida eshitganmisiz? Aha, atigi 3% iqtidorlilar ishga olinadigan kompaniya. Xuddi o’sha. Ushbu postda men o’z tajribamdan kelib chiqib, tarmoqqa kirish va mijozlar bilan ishlash haqida gapirmoqchiman.
Bu postni yozishdan asosiy maqsadim, Toptalga kirish va muvaffaqiyatli karyera qilish qanchalik mumkin ekanligini o‘zbek tengdoshlarimga anglatishdir. Yana bir sabab shuki, bu masalada odamlar menga ko’p murojaat qilishadi, endi men ularga ushbu postni yuborishim mumkin. Bu yerga qanday qilib kelib qolganingizni tushundingimi endi? :P
Eslatma: Ushbu maqola Toptalda dasturchi bo’lib ishlash haqida. Agar siz boshqa kasb egasi bo’lsangiz, sizning suhbat jarayoningiz boshqacha bo’ladi.
Nega Toptal? #
Ish haqida gap ketganda, har kim har xil narsani afzal ko’radi. Shunday ekan sizga Toptal mos yoki mos emasligini ayta olmayman. Men bu borada bera oladigan eng yaxshi yordam bu sizga Toptalda ishlashning afzalliklari va kamchiliklari haqida ma’lumot berishdir.
Afzalliklari quyidagilardir:
- Yaxshi maosh. Juda yaxshi moash :)
- Siz o’rganishingiz mumkin bo’lgan professionallar bor va albatta ulardan biriga aylanishingiz uchun imkoniyat.
- Turli qiziqarli loyihalarga kirish va tanlash erkinligi.
- Turli xil bandlik: full-time, part-time, va soatlik. Misol uchun, agar siz oilangiz bilan ko’proq vaqt o’tkazishni xohlasangiz, part-time majburiyatiga o’tish oson.
- A’zolar tomonidan tashkil etilgan ko’plab tadbirlarga ega faol tarmoq
… va kamchiliklari:
- Masofaviy/Frilanser ishi sizga mos kelmasligi mumkin. Mijozlar bilan ishlash kod yozishdan tashqari ko’p narsani talab qiladi.
- Ehtiyot bo’lmasangiz, vaqt o’tishi bilan rezyumeingiz qisqa muddatli ishlar bilan to’lib ketishi mumkin. Faqat uzoq muddatli loyihalarni olish orqali buning oldini olish mumkin bo’lsa-da, afsuski, atigi 4 oy davom etadigan ajoyib loyihani qabul qilishni xohlab qolishingiz mumkin.
- Yuqoridagi sababga ko’ra, qisqa muddatli loyihalar uzoq muddatli loyihalar kabi qoniqarli bo’lmasligi mumkin.
- Vaqt zonalaridagi farqlar. Kamida 3 soatlik farqni kuting. Mijozning vaqt zonasi bilan bir xil soatlarda ishlashingiz kutilmasa-da, biroz noqulayliklarga sabab bo’lishi mumkin.
- Odatda doim mijozlaringiz bo’lsa ham, o’shbu mijozlarni topish sizning mas’uliyatingizdir. Axir, bu frilanser tarmoq.
Yaxshi, bizda 5ta afzalliklari va 5ta kamchiliklari bor ekan! - “Perfectly balanced as all things should be”. Qaror qabul qilish esa o’zingizga havola.
Sizdan talablar #
Tarmoqqa shoshilib topshirishdan oldin, Toptalning potensial ishchilariga qo’yiladigan minimal talablarga javob beradigan ishchi bo’lishingiz kerak:
- Ingliz tilida o’zingizni bemalol ifoda eta olishingiz va boshqalarni yaxshi tushuna olishingiz kerak.
- Dasturchi sifatida 2 yillik professional tajriba.
Bu ikkisi Toptal tomonidan belgilangan aniq shartlardir. Ammo, “Apply as a Freelance” tugmasini bosishdan oldin tayyorlanishingiz kerak bo’lgan yana bir talab mavjud. Va bu … [baraban ovozi] … Algoritmlar/Maʼlumotlar strukturasi. Aha, siz algoritmik masalalarini yecha olishingiz uchun yaxshi tayyorgarlik ko’rishingiz kerak.
Yuqoridagi narsalarga tayyor bo’lmasangiz, topshirish jarayonini boshlamasligingizni qat’iy tavsiya qilaman. Siz “Nima ham bo’lishi mumkin? Juda borsa rad etishadi. Hop, men yana topshiraman” deyishingiz mumkin. Lekin, undan yomoni bo’ladi — siz bir yilgacha qaytib topshira olmaysiz (tayyorgarlik darajangizga qarab bu muddat kamroq bo’lishi ham mumkin). Va ikkinchi marta muvaffaqiyatsizlikdan keyin, sizni uzoq muddatga jo’natib yuborishadi :P. Shunday ekan, topshirishdan oldin yaxshilab tayyorlaning :)
Intervyu jarayoni #
Suhbat jarayoni 4 bosqichdan iborat:
- “Phone screen” suhbati
- Onlayn baholash
- Texnik suhbat
- Test loyiha
Muhim: Agar sizga hali ham tayyorgarlik ko’rish uchun vaqt kerak bo’lsa, jarayonni boshlamang. Hamma narsa bir nafasda sodir bo’ladi va siz bosqichlar oralig’ida tayyorgarlik ko’rishga vaqtingiz bo’lmaydi.
“Phone screen” suhbati
Onlayn ariza topshirganingizdan so’ng, siz ularning “Communication specialist”laridan biri bilan video qo’ng’iroq qilasiz. Bu intervyu sizning muloqot qobiliyatingiz va ingliz tilini bilish darajangizni baholashdan iborat. Intervyu uchun ba’zi narsalarni yodda tutish kerak:
- Uyalmang, imkon qadar ko’proq gapiring. Iloji bo’lsa, uzun javoblar bering. Qisqacha “yes”, “no”, “maybe” javoblar ularga ingliz tilida gapirishga mohir emasdek taasurot qoldirishi mumkin.
- Agar siz savolni tushunmagan bo’lsangiz, taxmin qilmang. Savolni takrorlashni so’rang. Nomunosib javoblar berish ularga tushunishda qiynalayotgandek taasurot qoldiradi.
- O’zingizning savollaringizni tayyorlang. Shu tarzda siz bir tomonlama so’roqni ikki tomonlama aloqaga aylantirasiz.
- Savollarga shoshilmay o’ylab javob bering.
- Tabassum qiling va ijobiy bo’ling :)
Onlayn baholash
“Phone screen”dan o’tganingizdan so’ng, sizga 1,5 soatlik onlayn baholashga havola yuboriladi va uni 2 kun ichida yakunlashingiz so’raladi. Onlayn baholashda sizdan 3-4 ta Algo/DS masalalarini yechishingiz so’raladi.
Muhim: Agar keyingi 2 kun band bo’lsangiz, ulardan muddatni uzaytirishni so’rang. Buni so’rash oqilona - har kimning o’z majburiyatlari bor axir.
Bu yerda yodda tutish kerak bo’lgan narsalar:
- Masalalarni tinch joyda yeching.
- Buni miyangiz eng yaxshi ishlaganda qiling. Men uchun bu butunlay uyg’onganimdan keyin - ertalab soat 10 lar atrofida.
- Agar biron bir masalaga yechim topa olmasangiz, o’sha masalani o’tkazib yuboring va keyinroq qaytib keling.
- Iloji boricha barcha “edge case”larni tekshirib ko’ring. Bu juda muhim!
- Tasavvur qiling, sizda barcha masalalarni yechish uchun faqat 80 daqiqa bor. Yechimlaringizni yakuniy ko’rib chiqish uchun oxirgi 10 daqiqani ajrating.
- // Kodingizda ma’noli sharhlar qoldiring
- Yechimlaringiz uchun “time & space” murakkabliklarini bering (sharhlarda). Bu katta plyus.
Texnik suhbat
Agar oldingi bosqichdan o’tgan bo’lsangiz, sizdan bo’sh vaqtingizni so’rashadi va texnik intervyuga taklif qilishadi. Bu yerda ham Algo/DS bilan bog’liq masalalar bo’ladi. Menimcha, masalalarni o’zi uncha qiyin emas. Shunchaki yuzma-yuz suhbatda bo’lganingiz uchun va undagi stress (kimdur sizni kuzatib turishi) masalalarni yechishni ancha qiyinlashtiradi. Buning uchun “mock” intervyular yordam beradi.
Intervyu uchun quyidagi narsalarni yodda tutish kerak:
- Intervyuni barqaror internet aloqasi bo’lgan tinch joyda o’tkazing.
- Miyangiz eng yaxshi ishlaganda qiling.
- Masalani yechishda fikrlaringizni gapirib boring. Intervyuchi sizni nima haqida o’ylayotganingizni bilishi muhim. Bu juda muhim!
- Yechimga kirishishdan oldin masalani toʻliq tushunganingizga ishonch hosil qiling.
- Savollar bilan masalaga aniqlik kiriting. Ko’p holatlarda masala atayin noaniq va noto’liq beriladi. Aniqlik kiritarmikan yoki shundoq ishlab ketaverarmikan deyishadi.
- Agar yechishda qotib qolsangiz, yordam so’rang. Masalani umuman yechmagandan ko’ra, yordam bilan yechish har doim yaxshiroqdir.
- Yechimni toʻliq tahlil qilganingizdan soʻng yechim kodini yozing.
- Yechimni iloji boricha ko’proq turli sinov holatlari (edge cases) bilan sinab ko’ring.
Test loyiha
Bu bosqichdan o’tganingizdan keyin… To’xtang, siz bu bosqichdan o’tdingizmi??? Unda, yarim tabrik! Yarim tabrik, chunki oxirgi bosqichda ko’p narsa sizning qo’lingizda bo’ladi. Ushbu bosqichda test loyihasi va uni bajarish uchun ikki hafta beriladi. Kelgusi ikki hafta (hech bo’lmaganda ishdan keyin) loyihaga e’tibor berish uchun to’liq vaqt ajrating. Loyihaga qancha ko’p vaqt sarflasangiz, shuncha yaxshi. Tugatganingizdan so’ng, ishingizni kompyuteringizda namoyish qilish uchun yana bir video qo’ng’iroq bo’ladi.
Bu yerda yodda tutish kerak bo’lgan narsalar:
- Buni jiddiy qabul qiling. Bu sinov loyihasi bo’lsa ham, bu sizga CRUD ilovasi emas. To’liq bajarish uchun juda ko’p kuch talab qiladi.
- Kod yozishdan oldin loyiha talablarini toʻliq tushunganingizga ishonch hosil qiling.
- Email orqali savollaringizni so’rang (hatto to’liq tushungan bo’lsangiz ham 1-2 savol so’rang). Aniqlik kiritish yetuk professionalning belgisidir.
- Belgilangan muddatda tugatish uchun ishingizni yaxshi rejalashtiring. Muddatga rioya qilish muhimdir. Bu juda muhim!
- Git commitlarni tez-tez junatib turing (git commit & git push) - bu yaxshi dasturchini yana bir belgisi.
- Namoyish paytidagi xatoliklarni kamaytirish uchun ilovangizni yaxshilab test qiling.
- Boshqa birovdan ilovangizni sinab ko’rishini so’rang. Ko’pincha o’zimiz o’tkazib yuborgan narsalarni boshqalar osonlik bilan ko’rishadi. Boshqa so’z bilan aytganda, ishingizga boshqa nuqtai nazar bilan qarang.
- Loyihani tugatish uchun 1,5 hafta vaqtingiz bor deb tasavvur qiling. Ishingizni sinab ko’rish/takomillashtirish uchun qolgan vaqtdan foydalaning.
Ushbu bosqichdan ham o’tganingizdan so’ng, siz to’liq tabriklarga tayyorsiz :) Toptalga xush kelibsiz! G’alabangizni apperkat bilan nishonlang:
Ishga joylashish & birinchi loyihaga qo’shilish #
Barcha 4 bosqichdan o’tganingizdan so’ng, sizdan ba’zi hujjatlar va onlayn profil yaratish uchun ko’rsatmalar beriladi. To’liq joylashganingizdan so’ng, siz birinchi mijozingiz bilan ishlashga tayyorsiz. Birinchi ishni olish biroz qiyin va odatda 2-3 hafta vaqt oladi. Bu loyiha olish qiyin bo’lgani uchun emas, balki Toptal tizimi qanday ishlashini o’rganishingiz uchun vaqt kerak bo’lgani uchun. Vaqti bilan ko’p narsalarni o’rganib mohir bo’lib ketasiz.
Mijozlar bilan suhbatga (oddiy yoki texnik suhbatga) tayyor bo’ling. Siz platformaga qabul qilindingiz degani suhbatlar tugadi degani emas. Suhbatlarni yaxshi o’tkazish uchun oldindan kompaniya va uni loyihasi bo’yicha “uy vazifangizni” bajaring — yani ularni o’rganib chiqing. Menda mijoz bilan gaplashish va suhbatlarni zo’r o’tkazish borasida juda ko’p maslahatlar bor, lekin asosiysi bu Toptal va mijoz bilan tez-tez yaxshi muloqot qilishdir. Qolgan narsalar sekin sekin bo’ladi.
Yakun #
Agar siz shu yergacha kelgan bo’lsangiz, Toptalga kirishni jiddiy o’ylayotgan bo’lsangiz kerak va siz menga yoqib qoldingiz — mana sizga mening referral havolam. Agar sizda biron bir savol bo’lsa, jonim bilan javob beraman — menga aloqaga chiqing.
Khojarbu Khaitmetovaga bu postni tahrir qilib berganlari uchun raxmat.